Qo‘llanma: ta’lim kontrakti to‘lovi uchun soliq imtiyozini olish

| 2021-04-12 17:59 | olarx olarx

Soliq kodeksining 378-moddasi 16-bandiga binoan, ta’lim kontrakti to‘lovini ish haqi yoki boshqa daromadlardan amalga oshirgan shaxs soliq imtiyozlari olsa bo‘ladi. Imtiyozlarning mazmuni shundaki, fuqarolarning OTMlarda ta’lim olish uchun ajratilgan daromadlari soliqqa tortilmaydi.
Imtiyozdan kim foydalanishi mumkin?
Farzandlari (26 yoshga to‘lmagan) shartnoma asosida o‘qiydigan ota-onalar;
Turmush o‘rtoqlari shartnoma asosida o‘qiydigan shaxslar;
Rasman ishlayotgan talabalar.
Ushbu imtiyoz yaqin qarindoshlar, ya’ni aka-uka va opa-singillar, xola, amaki va boshqalarning shartnomalarini to‘lashga qo‘llanilmaydi.
Soliq chegirmasi nima imtiyoz beradi?
Davlat OTMlari va O‘zbekistonda akkreditsitatsiyadan o‘tgan oliygohlarda o‘zining o‘qishi, yigirma olti yoshga to‘lmagan farzandlarining yoki turmush o‘rtog‘ining o‘qishi uchun yo‘naltiriladigan mablag‘larga soliq chegirmasi beriladi.
Masalan, fuqaro 5 mln so‘m ish haqi oladi, bundan 1 mln so‘mni 26 yoshga to‘lmagan farzandining kontrakti uchun OTM hisobiga o‘tkazyapti. Demak, kontrakt uchun yo‘naltirilgan 1 mln so‘mdan soliq undirilmaydi. Qolgan 4 mln so‘mdan soliq olinadi.
Soliq imtiyozi qaysi daromad manbalariga taalluqli?
Quyidagi manbalar hisobidan o‘qish uchun to‘lov amalga oshirilganda, jismoniy shaxslarga soliq chegirmasi taqdim etiladi:
O‘z mablag‘lari;
Jismoniy shaxsga tijorat banklari tomonidan berilgan ta’lim kreditlari;
Yuridik shaxslar tomonidan jismoniy shaxslarga qaytarish sharti bilan berilgan mablag‘lar (ssudalar).
Soliq imtiyozini qanday olsa bo‘ladi?
Soliq imtiyozi jismoniy shaxsning jami yillik daromadi to‘g‘risidagi deklaratsiyasini soliq xizmati organlariga topshirgan holda yoki soliq to‘lovchining to‘lov manbaiga (ish beruvchi) yozma arizasi asosida olinishi mumkin.
Agar soliq imtiyozi ish joyidan qo‘llanilsa, jismoniy shaxs quyidagilarni tashkilot buxgalteriyasiga taqdim etadi:
Talaba (talabalar) bilan oliy o‘quv yurti o‘rtasida to‘lovli-kontrakt asosida o‘qitish to‘g‘risida tuzilgan shartnoma (shartnomalar) nusxasi;
Tijorat banki bilan ta’lim kreditini olish uchun tuzilgan shartnoma (shartnomalar) nusxasi (agar ta’lim krediti olgan bo‘lsa);
Ta’lim oluvchining (ta’lim oluvchilarning) pasporti yoki tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasi nusxasi.
Bu holda, tashkilot buxgalteriyasi kontrakt to‘lash uchun ajratilgan mabg‘lani maoshdan ushlab qolib, OTM hisobiga tushuradi.
Daromadlarning 50 foizidan ko‘prog‘ini ushlab qolinishi man etiladi.
Agar soliq chegirmasi shaxsning jami yillik daromadi to‘g‘risidagi deklaratsiyasi asosida qo‘llanilsa, quyidagilarni turar joyidagi soliq organlariga taqdim etadi:
Talaba (talabalar) bilan oliy o‘quv yurti o‘rtasida to‘lovli-kontrakt asosida o‘qitish to‘g‘risida tuzilgan shartnoma (shartnomalar) nusxasi;
Tijorat banki bilan ta’lim kreditini olish uchun tuzilgan shartnoma (shartnomalar) nusxasi (agar ta’lim krediti olgan bo‘lsa);
Oliy o‘quv yurtlari hisob raqamiga (ta’lim kreditini qoplaganda tijorat banki hisob raqamiga) pul mablag‘larini mustaqil to‘laganligini tasdiqlovchi hujjatlar nusxasi;
Pasport nusxasi (soliq imtiyozi ta’lim oluvchining o‘zi tomonidan qo‘llanilganda);
Pasport nusxasi (soliq imtiyozi ota-ona tomonidan qo‘llanilganda) va ta’lim oluvchining (ta’lim oluvchilarning) tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasi nusxasi;
Pasport nusxasi (soliq imtiyozi turmush o‘rtog‘i tomonidan qo‘llanilganda) va ta’lim oluvchining (ta’lim oluvchilarning) nikoh to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasi.
Jami yillik daromadlar to‘g‘risidagi deklaratsiyani elektron shaklda soliq to‘lovchining shaxsiy kabinetida, ro‘yxatdan o‘tgan pochta orqali yoki soliq idorasiga shaxsan tashrif buyurib topshirilishi mumkin. Soliq chegirmasini olish bo‘yicha fuqaro arizasi bir oy ichida ko‘rib chiqiladi, deya xabar berdi DSQ vakili «Gazeta.uz»ga

Manba daryo.uz